Fed eng yirik sunʼiy intellekt kompaniyalarining balansdan tashqari majburiyatlarini 3 trln dollardan ortiq deb baholadi
Eng yirik texnologik kompaniyalar sunʼiy intellekt infratuzilmasini rivojlantirish bilan bogʻliq ijara, xarid va kafolatlar boʻyicha 3 trln dollardan ortiq majburiyat toʻplagan

Hisob-kitobga Amazon, Alphabet, Broadcom, Meta, Microsoft, Nvidia va Oracle kiritilgan. 1 trln dollardan koʻprogʻi hali kuchga kirmagan imzolangan ijara shartnomalariga toʻgʻri keladi. Yana 2 trln dollardan ortiq mablagʻ kelishilgan hajmlar uchun majburiy toʻlov va qoldiq qiymat kafolatlari nazarda tutilgan shartnomalarga toʻgʻri keladi. Koʻrsatilgan summalar diskontlanmagan boʻlajak nominal toʻlovlardir, shu sababli ularni kompaniyalar qarzi bilan bevosita taqqoslab boʻlmaydi.
Bunday kelishuvlar maʼlumotlar markazlarini qurishni moliyalashtirishga yordam beradi. Kredit reytingi yuqori boʻlgan kompaniya quvvatlarni ijaraga olish yoki loyihani qoʻllab-quvvatlashga vaʼda beradi, quruvchi esa ushbu majburiyatdan kredit jalb qilish uchun foydalanadi. Keyinchalik xatarlarning bir qismi investitsiya fondlari, sugʻurta kompaniyalari va xususiy qarz bozorining boshqa ishtirokchilariga oʻtadi.
Fed boshqaruvchilar kengashi aʼzosi Maykl Barr bunday sxemalarning murakkabligi talab yomonlashganda zararlarni kim koʻtarishini baholashni qiyinlashtirishidan ogohlantirdi. Uning soʻzlariga koʻra, bu noaniqlik investorlar kayfiyati oʻzgarganda sotuvlar kuchayishiga olib kelishi mumkin.
Ilgʻor hisoblash texnologiyalarini rivojlantirish uchun qarz olish tez surʼatlarda oʻsmoqda. 2026-yil oktabriga kelib, yil davomida chiqarilgan qarz hajmi 680 mlrd dollardan oshdi. 2023-yil davomida esa bu koʻrsatkich 130 mlrd dollar boʻlgan. Fed bunday hisoblash texnologiyalari bilan bogʻliq muomaladagi ommaviy qarzning jami hajmini 1,1 trln dollardan ortiq deb baholamoqda.
Fortune Nvidia kompaniyasining Ogayo shtatidagi, ijarachisi OpenAI tuzilmasi boʻlishi kerak boʻlgan sunʼiy intellekt kampusi loyihasi boʻyicha bergan kafolatlarini misol qilib keltiradi. Muayyan shartlar asosida Nvidia olinmay qolgan ijara toʻlovlarini qoplash majburiyatini oladi. Dastlabki majburiyatning eng yuqori summasi 105 mlrd dollarni tashkil etadi, obyektlardan foydalanish esa 2028-yildan boshlanishi kutilmoqda. Oʻz navbatida, OpenAI Nvidia toʻlagan mablagʻlarni qoplash majburiyatini olgan.
Barrning aytishicha, hozircha mavjud investitsiya bumini taʼminlayotgan qarz hajmini hisobga olgan holda, u banklarning bevosita zararlaridan kamroq xavotirda. Shu bilan birga, Fed balansdan tashqari majburiyatlarni diqqat bilan kuzatish zarur deb hisoblaydi: pasayish davrida texnologik kompaniyalarning amaldagi xatarlari ularning balans koʻrsatkichlaridan kelib chiqadigan taxminlardan yuqori boʻlishi mumkin.





