AI xizmati Otter.ai yiliga 100 mln dollar daromadga erishdi, uning rahbari esa ovqatga tejamkorlik qiladi
Uchrashuvlarni transkripsiya qilish bilan shugʻullanuvchi kompaniya 320 mln dollar mablagʻ jalb qildi

Otter.ai kompaniyasining yillik daromadi 100 mln dollarga yetdi, xodimlari soni esa 240 nafardan oshdi. Oʻtgan oyda xizmat 320 mln dollar mablagʻ oldi; investorlar orasida Google, Zoom va Tesla kompaniyalarini moliyalashtirishning dastlabki bosqichlarida qatnashgan sarmoyadorlar ham bor. Kompaniya, shuningdek, mahsulotini OpenAI, Claude va Google bilan integratsiya qilmoqda.
Otter.ai kompaniyasining hammuassisi va rahbari Sem Lyan oʻqish uchun Xitoydan AQShga koʻchib kelgan. Til toʻsigʻi sababli u maʼruzalarni Sony Walkmanʼga yozib olib, uyda qayta tinglardi. Bu tajriba u Yun Fu bilan birga yaratgan xizmatga asos boʻldi. Startapni ishga tushirishdan avval Lyan Cisco, Tropos Networks va Google kompaniyalarida ishlagan, u yerda Google Maps uchun “koʻk nuqta” funksiyasini ishlab chiqishda qatnashgan. Keyinchalik uning ilk startapi Alohar Mobileʼni Alibaba sotib oldi.
Lyanning aytishicha, investorlar dastlab Otter gʻoyasini amalga oshirish uchun hali juda erta deb hisoblashgan: ovozli maʼlumotlar qimmatga tushgan, sunʼiy intellektga qiziqish esa hozirgidan past boʻlgan. Jamoa ikki yil davomida AISense deb nomlangan texnologiyani ishlab chiqdi, shundan soʻng xizmatning bepul versiyasi va pullik tarifini taqdim etdi.
Kompaniyaning moliyaviy oʻsishiga qaramay, Lyan tejamkor hayot tarziga amal qiladi. U Mauntin-Vyudagi ofisiga yaqin joyda yashaydi, kechgacha ishlaydi, ertalab yuguradi va odatda xodimlar uchun bepul tushlik oʻrniga Arnold Shvartsenegger retsepti asosida yongʻoq, suli, mevalar va protein kukunidan tayyorlangan smuzi ichadi. Rahbar boʻsh vaqtini marafonlarda qatnashish uchun dunyo boʻylab sayohat qilishga sarflaydi.





