Jahon banki Samarqand viloyati uchun 100 mln dollarlik imtiyozli kreditni maʼqulladi
Dastur taxminan 4,3 mln aholiga moʻljallangan va 2028-yil dekabrigacha davom etadi

Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi ajratadigan moliyalashtirishni maʼqulladi. Oʻzbekiston hukumati dasturga qoʻshimcha ravishda 425 mln dollar yoʻnaltiradi.
SHIFO-1 doirasida 400 dan ortiq oilaviy poliklinikani modernizatsiya qilish, shuningdek, tibbiyot xodimlarini tayyorlash va sertifikatlash rejalashtirilgan. Bank maʼlumotlariga koʻra, mamlakat tibbiyot xodimlarining qariyb 80 foizini ayollar tashkil etadi. Ayollarni oʻqitishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Dastur sogʻliqni saqlashning D-MED raqamli platformasini kengaytirishni nazarda tutadi. Unga bemorlarning elektron reyestri hamda aholi salomatligini boshqarish vositalari, jumladan, kattalarni yurak-qon tomir kasalliklari xavfi boʻyicha skriningdan oʻtkazish va davolashni nazorat qilish imkoniyatlari qoʻshiladi.
Dasturni Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda boshqa tegishli idoralar amalga oshiradi. Jahon banki dastur birlamchi tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatlarini, surunkali kasalliklarni aniqlash va davolashni yaxshilashi, shuningdek, ish oʻrinlari yaratilishiga yordam berishini kutmoqda.





