Markaziy bank: aholining inflyatsion kutilmalari mart oyidan beri ilk bor oshdi
Oktabrdagi soʻrovnomada aholining 3500 nafar vakili va 1675 nafar tadbirkor ishtirok etdi

Markaziy bank maʼlum qilishicha, oktabrdagi soʻrovnomada aholining 3500 nafar vakili va 1675 nafar tadbirkor ishtirok etgan. Fuqarolarning narxlar oshishiga oid kutilmalari bir oy ichida 0,4 foiz bandiga oshib, median koʻrsatkich 9 foizga yetgan. Biznesning oʻrtacha prognozi sentabrga nisbatan 0,7 foizga pasaygan, median koʻrsatkich esa 8 foizni tashkil etgan.
Aholi orasida eng yuqori kutilmalar Toshkentda — 10,5 foiz, eng past koʻrsatkich esa Qoraqalpogʻistonda — 7,9 foiz qayd etilgan. Tarmoqlar kesimida eng yuqori koʻrsatkich maishiy xizmatlar xodimlarida — 10,6 foiz, eng pasti esa talabalarda — 7,6 foiz boʻlgan. Shuningdek, oyiga 2 mln soʻmgacha va 7 mln soʻmdan ortiq daromad oladigan fuqarolar yuqoriroq prognozlarni bildirgan.
Tadbirkorlar orasida eng yuqori kutilmalar Toshkent shahri va Surxondaryo viloyatida — 10,1 foizdan, eng past koʻrsatkich esa Qoraqalpogʻistonda — 6,5 foiz qayd etilgan. Tarmoqlar kesimida hunarmandchilik va transport sohalari yetakchi boʻlib, ularda koʻrsatkich 10 foizdan qayd etilgan. Taʼlim va fan sohalarida esa bu koʻrsatkich 7,5 foizni tashkil etgan.
Soʻrovnoma ishtirokchilarining 45 foizi narxlar oshishining asosiy omili sifatida energiya tashuvchilari qimmatlashganini koʻrsatgan. Aholi kommunal tariflarning oshishini ham tez-tez tilga olgan — 38 foiz. Respondentlar boshqa sabablar qatorida asosiy oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyo narxlarining oshishi, valyuta kursining oʻzgarishi, transport xarajatlari, monopolistik amaliyotlar hamda narxlarning sunʼiy ravishda oshirilishini qayd etgan.





