Xedj-fondlar chiplar 7 foizga oʻsishidan oldin texnologik aksiyalarni rekord darajaga yaqin surʼatda sotdi
Texnologiya sektori AQShda ham, dunyoda ham sof sotuvlar eng katta boʻlgan sektor boʻldi

6 noyabr holatiga koʻra, xedj-fondlar texnologik aksiyalarni 2016 yildan beri kuzatilgan eng yuqori darajaga yaqin surʼatda sotayotgan edi. 9 noyabr kuni yarimoʻtkazgichlar indeksi 6,9 foizga oʻsdi.
Shu fonda long/short strategiyasiga amal qiluvchi AQSh fondlari yalpi leverajini 8,7 foiz punktiga qisqartirib, 207,5 foizgacha tushirdi. Yalpi leveraj fond kapitaliga nisbatan long va short pozitsiyalarning jami hajmini hisobga oladi.
Sof leveraj 3,7 punktga kamayib, 43,3 foizni tashkil etdi. 6 noyabr holatiga koʻra, fondlar allaqachon sof xaridorlarga aylangan edi: asosan indekslar va birja fondlari boʻyicha short pozitsiyalarini yopgan. Bunday pozitsiyalarni qayta sotib olish aksiyalarning oʻziga boʻlgan ishonch oshmagan taqdirda ham kotirovkalarni tezda yuqoriga surishi mumkin.
Oʻsish chip ishlab chiqaruvchilarning keng doiradagi qimmatli qogʻozlariga taʼsir qildi. Oʻsha kuni iShares Semiconductor ETF 7,49 foizga koʻtarilib, $146,76 darajasida yopildi, VanEck Semiconductor ETF esa 5,05 foizga oʻsdi. Nasdaq-100 indeksi bir kun avval pandemiya davridan beri eng chuqur pasayishni boshdan kechirib, bir sessiyada bozor qiymatining $2,3 trlnini yoʻqotdi.
Strateglar sotuvlar davom etishiga doir baholarda ikkiga boʻlinmoqda. JPMorganʼdan Dubravko Lakos-Buhas yuz bergan holatni asosan qarz mablagʻlari hisobidan ochilgan pozitsiyalarning qisqartirilishi deb atadi va S&P 500 indeksining yil oxiridagi maqsadli darajasini oʻzgarishsiz qoldirdi. Morgan Stanleyʼdan Maykl Uilson korreksiya yakunlanishga yaqin, deb hisoblaydi. Citigroup strateglari esa AQSh aksiyalari va global texnologiya sektoriga bergan bahosini neytral darajagacha pasaytirdi.
Bozor uchun navbatdagi sinov AQShda isteʼmol inflyatsiyasi boʻyicha oktabr hisobotining eʼlon qilinishi boʻladi. Chip ishlab chiqaruvchilarning prognozlari yoki sunʼiy intellektga xarajat qilish rejalari yomonlashsa, kotirovkalarning pasayishi qayta boshlanishi mumkin.





