Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Juma, 30-oktabr 2026-yilRUUZEN
MB kurslariUSD12 066.22▲ 62.20EUR13 444.18▲ 82.51RUB149.74▲ 0.94CNY1 811.36▲ 10.68KZT26.63▲ 0.28GBP16 075.82▲ 124.8830.10.2026 holatiga
Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Kriptovalyutalar

Hakerlar Binanceʼni buzib, 6,3 mlrd dollarni oʻgʻirladi

Buni avval boshqa kriptobirjani ham buzgan Shimoliy Koreya guruhi amalga oshirgan boʻlishi mumkin

30-oktabr, 11:05
Photo by Vadim Art on Unsplash

Kriptovalyuta birjasi Binance 29-oktabrdan 30-oktabrga oʻtar kechasi oʻz tarixidagi rekord darajadagi — 6,3 mlrd dollarlik aktivlar oʻgʻirlanishiga duch keldi. Kompaniya foydalanuvchilarning depozitlariga zarar yetmaganini, barcha yoʻqotishlar esa oʻz mablagʻlari va SAFU jamgʻarmasi hisobidan toʻliq qoplanishini maʼlum qildi. Binance blokcheyn hamkorlari bilan birgalikda oʻgʻirlangan mablagʻlarning deyarli yarmini — qariyb 3 mlrd dollarni — tezkorlik bilan muzlatishga muvaffaq boʻldi.

Birja maʼlumotlariga koʻra, nomaʼlum hakerlar tizimga kirib, issiq hamyonlardagi aktivlarni ommaviy ravishda hisobdan chiqarishni boshlagan. Biroq foydalanuvchilarning shaxsiy kalitlari sizdirilgani boʻyicha hech qanday dalil aniqlanmagan. TRM Labs tahlilchilarining fikricha, mablagʻlarni chiqarishning asosiy bosqichi Toshkent vaqti bilan 1:05 dan 1:25 gacha (GMT boʻyicha 20:05–20:25) davom etgan. Bunda 10 ta turli blokcheyndagi hamyonlardan foydalanilgan. Hujumga tayyorgarlik kamida 36 soat davom etgan.

Kompaniya hujum DevOps muhandislaridan biriga tegishli noutbuk buzilgani sababli amalga oshirilganini aniqlashtirdi. Buzgʻunchilar shu noutbuk orqali issiq hamyonlarni imzolash infratuzilmasiga kirish huquqini qoʻlga kiritgan.

Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media

Hozirda mablagʻ yechib olish vaqtincha toʻxtatilgan, biroq platforma xavfsizlik konturini modernizatsiya qilgach, bu funksiyani 48 soat ichida qayta ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Hisoblarni toʻldirish va savdo funksiyalari odatdagi tartibda ishlamoqda. Binance mutaxassislari hujumning toʻliq yoʻlini kuzatib, hodisa boʻyicha batafsil hisobot tayyorlamoqda.

Ekspertlar buzib kirishni Shimoliy Koreyaning TraderTraitor guruhi bilan bogʻladi. Avvalroq FQB 2025-yil fevralida Bybit birjasining 1,5 mlrd dollarlik buzib kirilishi uchun javobgarlikni shu guruh zimmasiga yuklagan edi. AQShning sobiq federal prokurori Ari Redbordning taʼkidlashicha, oʻgʻirlangan steyblkoinlarni (USDC va USDT) qaytarish eng oson boʻladi, chunki ularni emitentlari muzlatib qoʻyishi mumkin. BTC va ETHni qaytarish esa vositachi platformalar bilan uzoq davom etadigan sud ishlarini talab qiladi.

Buzib kirilgani haqidagi xabar asosiy raqamli aktivlar narxining pasayishiga sabab boʻldi. Bitcoin (BTC) sutka davomida $76 400 gacha tushdi — bu sentyabrdan beri eng past koʻrsatkich — shundan soʻng $78 430 gacha koʻtarildi (-2,3%). Ethereum (ETH) avgustdan beri ilk bor $2200 dan pastga tushib, $2244 darajasida qayd etildi (-3,4%). Binanceʼning mahalliy tokeni BNB qiymatining 5 foizini yoʻqotib, $717 gacha tushdi.

Yana oʻqing