Amerika korporativ obligatsiyalarini sotib olish uchun hozir eng yaxshi davrlardan biri boʻlishi mumkin
Ishonchli yirik kompaniyalar obligatsiyalari bugun yillik 6 foizdan 6,5 foizgacha daromadlilikni taklif qilmoqda
Eng yirik texnologik kompaniyalar obligatsiyalari VettaFi AI Hyperscaler Bond Index indeksining daromadliligi sentabr oxirida 6,51 foizni tashkil etgan. Indeksga sunʼiy intellekt sohasidagi loyihalar uchun faol ravishda mablagʻ jalb qilayotgan Microsoft, Alphabet, Oracle, Amazon va Meta kompaniyalari obligatsiyalari kiradi.
TCW boshqaruvchi direktori Stiven Pyordiyning fikricha, investorlar AA reytingiga va shunga teng sifatga ega kompaniyalar obligatsiyalarini bunday daromadlilik bilan sotib olish imkoniyatiga kamdan-kam ega boʻladilar. Hatto eng moliyaviy taʼminlangan korporatsiyalarning pul oqimlari ham bosim ostida qolmoqda, Meta kompaniyasining erkin pul oqimi esa manfiyga aylandi.
JPMorgan bahosiga koʻra, 2030 yilgacha sunʼiy intellekt bilan bogʻliq 4 trln dollardan ortiq qarz majburiyatlari chiqarilishi mumkin. Kompaniyalar, ehtimol, obligatsiyalar chiqarishni aksiyalar, operatsion pul oqimi va strategik hamkorliklar bilan uygʻunlashtiradi. Shu bilan birga, investorlarga obligatsiyalarni tanlab olish va texnologiya sektoridagi xatarlar konsentratsiyasini hisobga olish tavsiya etilmoqda.



