Morgan Stanley ehtimoliy ralli oldidan xarid uchun bozorning toʻrt segmentini atadi
Morgan Stanley bosh strategi Mayk Uilson mijozlarga ehtimoliy aksiya rallisi oldidan riskni oshirishni tavsiya qildi. Bank toʻrt yoʻnalishni ajratdi: texnologiya, sanoat, siklik aksiyalar, AI foyda oluvchilari.

Uilson S&P 500 indeksi keyingi 12 oyda 8 700 punktga yetadi, deb kutmoqda — bu joriy darajadan 20 foizga oʻsish salohiyatini anglatadi. U mijozlarga yozgan xatida: «Harakat qilish vaqti keldi», deb yozdi. Uning baholashicha, kompaniyalar baholarining pastligi, foyda prognozlarining yaxshilanishi va bozor kengligining tiklanishi oʻsish uchun sharoit yaratmoqda. S&P 500 indeksining forvard P/E koeffitsiyenti 16,4 boʻlgan, Morgan Stanley adolatli deb hisoblagan diapazon esa 19–19,6 edi.
Bank birinchi yoʻnalish sifatida AI rivojiga sarmoya kiritayotgan yirik texnologiya kompaniyalarini koʻrsatdi: Meta, Amazon, Alphabet va Microsoft. Ularning jami bahosi foydaning 21 baravarigacha pasaydi.
Sanoat Morgan Stanley tanlagan asosiy tarmoq boʻldi. Bank roʻyxatida Boeing, Sterling Infrastructure, Caterpillar, Trane Technologies va Cummins bor. Foyda prognozlari yaxshilanayotgan sifatli siklik aksiyalar qatorida AppLovin, HF Sinclair, Wells Fargo, Lam Research va Ecolab qayd etildi.
Toʻrtinchi guruh — AI joriy etilishidan oʻlchanadigan foyda olayotgan kompaniyalar. Unga American Express, CVS Health, Loweʼs Companies, Vylor va eBay kirdi. Bank kompaniyalar bilan muhokamalar AI tajriba bosqichidan moliyaviy samaraga oʻtayotganini koʻrsatganini taʼkidladi.





