BP yuqori qayta ishlash marjasi fonida foydasini deyarli 4 baravar oshirdi
BPning asosiy foydasi 2026-yil III choragi yakunlariga koʻra rekord darajadagi 8,6 mlrd dollarga yetdi

BP 2026-yilning uchinchi choragi boʻyicha hisobotida natijalarning oʻsishini neftni qayta ishlash marjasining oshgani, shuningdek, gaz savdosi va marketingdan tushgan daromadlar bilan izohladi. Kompaniyaning oʻrtacha neftni qayta ishlash marjasi bir barrel uchun 46,7 dollargacha oshdi. BP toʻrtinchi chorakda ham bu marja yuqori boʻlib qolishini, uning darajasi yetkazib berish xarajatlari va bozor sharoitlariga bogʻliq boʻlishini kutmoqda.
Chorak davomida operatsion pul oqimi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan ikki baravar oshdi. Bu kompaniyaga balansini mustahkamlashni tezlashtirish va sof qarzini uch oy avvalgi 22,2 mlrd dollardan 13,9 mlrd dollargacha qisqartirish imkonini berdi.
BP qarzni kamaytirishga eʼtibor qaratish uchun aksiyalarni qayta sotib olishni toʻxtatdi va aksiyadorlarga toʻlovlarni oshirmadi. BP bosh ijrochi direktori Meg OʻNill kompaniya sof qarz va tarkibiy xarajatlarni qisqartirish boʻyicha maqsadlariga erishganini, shuningdek, 2027-yilga belgilangan toʻrtta asosiy moliyaviy maqsaddan yana ikkitasini bajarish imkoniyatini koʻrayotganini aytdi.




