PS5 yetkazib berishlari uchdan biriga kamaydi, biroq Sonyʼning oʻyin biznesi foydasi 83 foizga oshdi
Foyda oʻyinlar va tarmoq xizmatlari savdosining oshishi fonida koʻpaydi

Yaponiyaning Sony kompaniyasi hisobot choragi yakunlariga koʻra, Game & Network Services oʻyinlar boʻlinmasi natijalari yaxshilanganini qayd etdi. Foyda oʻyinlar va tarmoq xizmatlari savdosining oshishi, shuningdek, oʻtgan yilgi natijalarda, jumladan, Bungie studiyasi bilan bogʻliq xarajatlar boʻyicha aks ettirilgan yirik hisobdan chiqarishlar boʻlmagani fonida koʻpaydi.
PS5 konsollarining chakana sotuvchilarga yetkazib berilishi 4,0 mln donaga nisbatan 2,6 mln donagacha qisqardi. Sony doʻkonlarga joʻnatilgan konsollar hisobga olinishini, yakuniy xaridorlarga sotuvlar esa hisobga olinmasligini alohida taʼkidlaydi. Qurilmalar savdosidan tushgan daromad ham kamaydi, biroq bu boʻlinmaning umumiy moliyaviy natijasini yaxshilashiga xalaqit bermadi.
Apparat segmentidagi pasayishni dasturiy taʼminot savdosi qoplashga yordam berdi. Sotilgan oʻyinlarning umumiy hajmi oshdi, bunda Sony studiyalari oʻyinlari yuqoriroq oʻsish surʼatini koʻrsatdi. Raqamli yuklab olishlar ulushi, shuningdek, raqamli nusxalar, qoʻshimcha kontent va tarmoq xizmatlaridan tushgan daromad koʻpaydi. PlayStation Networkʼning har oy faol foydalanuvchilari soni ham oshdi.
PS5 uchun eksklyuziv boʻlgan va sentyabrda chiqqan Marvelʼs Wolverine oʻyini 2,4 mln nusxada sotildi. Bu koʻrsatkichga qoʻshimcha kontent kiritilmagan.
Sony oʻyinlar boʻlinmasining yillik daromadi va operatsion foydasi boʻyicha prognozini oshirdi. Kompaniya prognoz qayta koʻrib chiqilishini boshqa kompaniyalar oʻyinlari savdosining yuqoriligi, xarajatlarning qisqarishi va tarmoq xizmatlarining oʻsishi bilan izohladi. Biroq oʻz oʻyinlaridan birining chiqishi kechiktirilgani ijobiy taʼsirni qisman chekladi.





