Oʻzbekiston 2027-yilda 65 mlrd dollar xorijiy investitsiya jalb qilmoqchi
Prezident Shavkat Mirziyoyev koʻrsatilgan mablagʻlarni sohalar va hududlar kesimida jalb etish rejalarini tayyorlashni topshirdi

Oʻzbekiston 2027-yilda 65 mlrd dollar xorijiy investitsiya jalb etishni rejalashtirmoqda. Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, rejalar mablagʻlarni sohalar va hududlar boʻyicha taqsimlashni belgilashi kerak.
Davlat budjeti loyihasi muhokama qilingan yigʻilishda kimyo va neft-kimyo sanoati, mashinasozlik, elektrotexnika, toʻqimachilik hamda farmatsevtika tarmoqlarini rivojlantirish masalalari ham koʻrib chiqildi. Istiqbolli har bir sohaga kamida ikki-uchta yirik investorni jalb etish koʻzda tutilmoqda.
Yangi yoʻnalishlar qatorida yarimoʻtkazgich texnologiyalari, robototexnika, biotexnologiyalar, yuqori texnologiyali butlovchi qismlar hamda elektromobillar uchun akkumulyatorlar ishlab chiqarish qayd etildi. Hukumat davlat korxonalari va banklarni transformatsiya qilish, xususiylashtirish hamda Jahon savdo tashkilotiga qoʻshilish boʻyicha ishlarni ham davom ettirmoqchi.





