Uch yillik maksimum: yevro hududida inflyatsiya 4 foizgacha oshdi
Buning asosiy sababi energiya resurslari narxining keskin koʻtarilishidir

2026-yil oktabr oyida Yevropa Ittifoqining valyuta blokiga kiruvchi mamlakatlarda isteʼmol inflyatsiyasi yillik hisobda 4,0 foizgacha tezlashdi. Sentabr oyida bu koʻrsatkich 3,8 foizni tashkil etgan edi. Eurostatning dastlabki hisob-kitoblariga koʻra, qayd etilgan narxlar oʻsishi 2023-yil sentabridan beri eng yuqori darajaga yetdi. Oylik hisobda CPI indeksi 0,4 foizga oshdi.
Shu bilan birga, beqaror oziq-ovqat, alkogol va energiya resurslari narxlari hisobga olinmaydigan asosiy inflyatsiya koʻrsatkichi (CPI Core) barqaror qolib, yillik hisobda 2,5 foizni tashkil etdi. Bu avvalgi oydagi koʻrsatkich bilan bir xil.
Tovarlar va xizmatlar toifalari boʻyicha oʻzgarishlar
Energiya resurslari: narxlar yillik hisobda 20,8 foizga keskin oshdi (sentabr oyida 18,9 foiz edi).
Xizmatlar: 3,3 foizga qimmatlashdi (avvalgi oyda — 3,2 foiz).
Oziq-ovqat mahsulotlari, alkogol va tamaki mahsulotlari: oʻsish 1,6 foizni tashkil etdi (sentabr oyida 1,3 foiz edi).
Sanoat tovarlari: 1,2 foizga qimmatlashdi (avvalgi koʻrsatkich — 1,1 foiz).
Yevro hududi mamlakatlari orasida narxlar bosimi eng yuqori Litvada (6,1 foiz), Bolgariyada (6,0 foiz), shuningdek Gretsiya va Italiyada (har birida 5,6 foiz) kuzatilmoqda. Narxlar oʻsishining eng past surʼatlari Maltada (2,3 foiz), Germaniyada (2,8 foiz) va Slovakiyada (2,9 foiz) qayd etilgan.
Oktabr oyi boʻyicha yangilangan va yakuniy statistik maʼlumotlarni Eurostat 18-noyabr kuni eʼlon qiladi.
Yana oʻqing

AMDʼning oʻyin segmenti daromadi 40 foizga kamaydi, biroq maʼlumotlar markazlari kompaniyaga rekord natija keltirdi



