Oʻzbekistonda tibbiyot xodimlariga davlat roʻyxatidan oʻtgani uchun 7 mln soʻmgacha ustama beriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyot xodimlarini tayyorlash, malakasini oshirish va ragʻbatlantirish tizimida keng koʻlamli oʻzgarishlarni eʼlon qildi

Oʻzbekistonda shifokorlar, farmatsevtlar va tibbiyot hamshiralari uchun davlat roʻyxatidan oʻtkazishning yangi tizimi joriy etilmoqda. Tashabbusdan koʻzlangan asosiy maqsad mutaxassislar malakasini nazorat qilishni kuchaytirish va tibbiy xizmatlar sifatini oshirishdan iborat.
Tibbiyot xodimlarini roʻyxatdan oʻtkazish 2027-yil 1-iyuldan boshlanadi va dastlab ixtiyoriy boʻladi. Biroq 2030-yilga kelib, bu tartib butun tibbiyot sohasi uchun majburiy etib belgilanadi.
Davlat roʻyxatidan oʻtganlik uchun ish haqiga har oy quyidagi miqdorda sezilarli ustamalar beriladi: - shifokorlar va farmatsevtlar: 7 mln soʻmgacha; - oʻrta tibbiyot xodimlari: 3,5 mln soʻm.
Mamlakatdagi 11 ta davlat tibbiyot oliygohi har yili qariyb 15 ming nafar shifokorni tayyorlab beradi. Bitiruvchilarning bemorlar bilan amaliy ishlashga tayyorgarligini oshirish uchun 2027-yildan taʼlim tizimi klinik amaliyot bilan toʻliq bogʻlanadi. Tibbiyot oliygohlari talabalari klinikalarda haftasiga kamida uch kun amaliyot oʻtaydi, bitiruvchi kurslar esa butun oʻquv yili davomida amaliy mashgʻulotlar bilan toʻliq taʼminlanadi.
Shifokorlar malakasini oshirishga xususiy sektor ham jalb etiladi — tibbiyot xodimlari akkreditatsiyadan oʻtgan taʼlim muassasasini mustaqil tanlashi mumkin boʻladi. Shu bilan birga, davlat birlamchi boʻgʻin va tuman shifoxonalari xodimlarining malaka oshirish kurslari xarajatlarini qoplaydi: hisob-kitoblarga koʻra, bu 130 ming nafardan ortiq tibbiyot xodimiga yiliga jami qariyb 100 mlrd soʻmni tejash imkonini beradi.



