Nvidia grafik protsessorlar sonini kamaytirgan holda sunʼiy intellekt modellarini ishga tushirishga yordam beruvchi hind startapini qoʻllab-quvvatladi
Series B raundidan soʻng kompaniya taxminan 100 mln dollarga baholandi

Kompaniya maʼlumotlariga koʻra, Simplismart dasturiy taʼminoti generativ sunʼiy intellekt platformasi InVideoʻning grafik protsessorlardan foydalanish xarajatlarini 56 foizga kamaytirgan.
Investitsiyada Accel, Shastra VC va Micromax ham qatnashdi, raundga esa Dallas Venture Capital boshchilik qildi. Startap dasturiy taʼminoti mavjud infratuzilmada sunʼiy intellekt modellarini ishga tushirish va boshqarishni avtomatik sozlaydi. Bu javob berish tezligi, soʻrovlar soni va hisoblash resurslari sarfi oʻrtasidagi muvozanatni tanlashga yordam beradi.
Bengalurulik startap modellarni oʻz platformasi yoki mijozlarning bulutdagi va ularning maydonchalaridagi infratuzilmasi orqali joylashtirishni taklif qiladi. Uning vositalari, shuningdek, modellarni qoʻshimcha oʻqitish, resurslarni avtomatik miqyoslash va unumdorlikni kuzatish imkonini beradi. Simplismart mijozlari orasida HeyGen, Higgsfield, Ema va Hindistonning bulutli xizmatlar provayderi Yotta bor.
Simplismart hammuassisi va bosh direktori Amritanshu Jain kompaniyaning soʻnggi olti oydagi yilliklashtirilgan daromad surʼati 14 baravar oshib, sakkiz xonali summaga yetganini maʼlum qildi.
Nvidia ayni paytda startap bilan texnik integratsiyalar, jumladan, sunʼiy intellekt inferensi uchun moʻljallangan Dynamo dasturiy taʼminoti ustida hamkorlik qilmoqda. Simplismart jalb qilingan mablagʻlarni AQShdagi ishtirokini kengaytirish, jamoani oʻstirish va mahsulotni yanada rivojlantirishga yoʻnaltirmoqchi.




