OpenAI GPT-6.2 Astra va Sol modellarini taqdim etdi: yangi modellar kuchliroq va arzonroq boʻldi
Kompaniya professional va ilmiy vazifalar uchun GPT-6.2 Astra, kundalik ishlar va sunʼiy intellekt agentlari uchun esa GPT-6.2 Sol modelini taqdim etdi

GPT-6.2 Astra APIʼsidan foydalanish narxi bir million kiruvchi token uchun $8 va bir million chiquvchi token uchun $40 ni tashkil etadi — bu GPT-6 Astra narxidan 20% past. OpenAI yangi model yordamida vazifalarni bajarish oʻrtacha hisobda qariyb uch baravar arzon tushishini maʼlum qildi. Sol uchun tariflar oʻzgarmadi: bir million kiruvchi token uchun $2 va bir million chiquvchi token uchun $10.
Astra dasturlash, ilmiy tadqiqotlar, shuningdek, taqdimotlar, jadvallar, saytlar va 3D-modellar yaratish boʻyicha yaxshilandi. GDPval v2 sinovida uning natijasi 6,2 punktga yuqori, token sarfi esa 22% kam boʻldi. ExploitBench sinovida model Chromeʼdagi maʼlum zaifliklar uchun ishlaydigan ekspluatlarni 53,5% holatda yaratdi; avvalgi modelda bu koʻrsatkich 31,5% edi.
Sol kundalik vazifalarni tezroq bajarish uchun moʻljallangan. FrontierCode 2.0 sinovida u Astradan 0,5 punktdan kam farq bilan ortda qoldi, biroq vazifani bajarish taxminan besh baravar arzon tushdi. Artificial Analysis reytingida Astra 62 ball, Sol esa 57 ball toʻpladi; avvalgi versiyaga nisbatan Astraning dasturlashdagi sezilarli taraqqiyoti qayd etilmadi.
ChatGPT Work va Codexʼda modellar Plus, Pro, Business, Enterprise va Edu obunachilari uchun mavjud. Ultrafast rejimi ikkala model uchun ham Pro 500 tarifida taqdim etilgan, Pro 200 foydalanuvchilari uchun esa hozircha faqat Sol modelida mavjud. Oddiy ChatGPTʼda modellar ishga tushirilgan paytda hali mavjud emas.





