Visa va Mastercard komissiyalar sabab Buyuk Britaniyada sudga berilishi mumkin
Gap Visa va Mastercard karta orqali toʻlovlar uchun belgilaydigan banklararo komissiyalar haqida bormoqda
Harcus Parker va Hausfeld Competition Appeal Tribunalʼga kollektiv daʼvo ishini boshlash toʻgʻrisida ariza berdi. Ishga yaqin manbalar bahosiga koʻra, talablar summasi qariyb 5 mlrd funt sterlingni tashkil qilishi mumkin. Ariza beruvchilar 2020-yil oktabridan boshlab undirilgan komissiyalar hamda bu yoʻqotishlar boʻyicha foizlarni undirib olishni istamoqda.
Yuridik firmalar raqobatning yetarli emasligi debet, kredit va oldindan toʻlangan kartalar boʻyicha yigʻimlarning oshishiga olib kelganini taʼkidlamoqda.
Agar ariza qanoatlantirilsa, daromadi 100 mln funt sterlingdan kam boʻlgan qariyb 1 mln britaniyalik kompaniya, tashkilot va xayriya jamgʻarmasi ishtirok etishdan bosh tortmasa, daʼvoga avtomatik ravishda kiritiladi. Yirik biznes esa daʼvoga alohida qoʻshilishi kerak boʻladi, uning olishi mumkin boʻlgan toʻlovlari oʻnlab million funtni tashkil etishi mumkin.
Jarayon bir necha yil davom etishi mumkin. Mastercard daʼvoning asoslariga rozi emasligini va uni spekulyativ deb hisoblashini bildirdi, Visa esa banklararo komissiyalar xavfsiz raqamli toʻlov tizimining muhim qismi ekanini aytdi.




