Dividendlarini oshirib borayotgan ETFlar texnologik aksiyalar portfellarini toʻldirishi mumkin
Dividend ETFlar portfellarning texnologiya sektoriga qaramligini kamaytirishi mumkin; sinovdan oʻtkazilgan uchta kombinatsiya bir yildan 10 yilgacha boʻlgan davrlarda S&P 500 koʻrsatkichidan yuqori natija koʻrsatdi.

Zacks Investment Research ekspertlari asosan texnologik aksiyalardan tashkil topgan portfellarni diversifikatsiya qilish uchun dividendlarini oshirib borayotgan ETFlardan foydalanishni taklif qilmoqda. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiya xizmatlari S&P 500 indeksining qariyb 45 foizini tashkil etadi. Shu sababli sunʼiy intellekt bilan bogʻliq kompaniyalarga bosim bunday investitsiyalarga sezilarli taʼsir koʻrsatishi mumkin.
Dividend ETFlar barqaror pul oqimlari va mustahkam moliyaviy holatga ega, dividend toʻlovlarini muntazam oshirishga qodir kompaniyalarga sarmoya kiritadi. Bundan tashqari, bunday fondlar dividendlar texnologik kompaniyalardagiga qaraganda kengroq tarqalgan sektorlarga kirish imkonini beradi. Microsoft va Apple dividendlarni oʻn yildan ortiq vaqt davomida toʻlab kelmoqda, Meta va Alphabet esa buni faqat 2024 yilda boshlagan.
Ekspertlar dividend ETFlarini Invesco S&P 500 Momentum ETF bilan birlashtirgan uchta portfelni taqqosladi. Barcha holatlarda bir, besh va 10 yillik davrlarda natija S&P 500 koʻrsatkichidan yuqori boʻldi. Eng kuchli natija Schwab U.S. Dividend Equity ETF bilan tuzilgan kombinatsiyada qayd etildi — tahlilda bu fond komissiyasining pastligi va kompaniyalarni daromadlilik asosida saralashi bilan izohlanadi. Shuningdek, SPDR S&P Dividend ETF va ProShares S&P 500 Dividend Aristocrats ETF ham sinovdan oʻtkazildi.





