Nvidia Janubiy Koreyadagi toʻrtta texnologik startapga sarmoya kiritadi
Ular mis kabellarga muqobil yechimlar yaratadi va robototexnika uchun modellar ishlab chiqadi

Nvidia toʻrtta texnologik kompaniyaga sarmoya kiritish rejalarini maʼlum qildi. Hamkorlik haqida Seulda Koreya Fan va axborot texnologiyalari vazirligi bilan oʻtkazilgan forumda soʻz yuritildi. Unda bazaviy modellar, jismoniy AI tizimlari, hisoblash infratuzilmasi va yarimoʻtkazgichlar sohalarida faoliyat yuritadigan 20 dan ortiq mahalliy startap ham jam boʻldi.
Tasdiqlangan birinchi loyiha Point2 Technology boʻldi. Kompaniya protsessorlar va server stendlari oʻrtasida maʼlumot uzatish uchun radiochastotali ulanishlarni ishlab chiqmoqda. Bunday yechimlar hisoblash klasterlarini kengaytirishda mis va optik kabellarga muqobil boʻlishi hamda zarur oʻtkazuvchanlikni taʼminlashi mumkin.
Nvidia, shuningdek, Seulda joylashgan Motif Technologies kompaniyasiga mablagʻ yoʻnaltirishni rejalashtirmoqda. Startap murakkab vazifalarni boshqarish uchun oʻqitish parametrlari ochiq boʻlgan katta til modellarini yaratmoqda. San-Fransiskoda joylashgan RLWRLD robototexnika uchun modellarni ishlab chiqishga mablagʻ oladi. Bu modellar robot manipulyatorlariga besh barmogʻi bilan aniq harakatlarni, jumladan, harakatlanayotgan konveyerda detallarni yigʻishni bajarishda yordam berishi kerak.
Upstage korporativ loyihasi hujjatlarni tahlil qilish va ish jarayonlarini avtomatlashtirish vositalarini yaratishni qoʻllab-quvvatlaydi. Tanlangan kompaniyalar AI stekining turli darajalarini — uskunalar va tarmoqlardan tortib dasturiy yechimlar hamda avtonom tizimlargacha — qamrab oladi.
Investitsiya yoʻnalishi Nvidia Inception dasturiga tayanadi. Unda mingdan ortiq koreyalik startap ishtirok etadi. Dastur kompaniyalarga imtiyozli shartlarda hisoblash resurslaridan foydalanish, texnik ekspertiza va investorlar bilan tanishish imkonini beradi. Hamkorlikning keyingi bosqichlari ishlab chiqilgan yechimlarni sanoat va tijorat muhitlariga integratsiya qilishga bagʻishlanadi.





