Fitch Fransiya reytingi prognozini «salbiy»ga oʻzgartirdi
Fitch Fransiyaning reytingini A+ darajasida tasdiqladi, biroq prognozni «barqaror»dan «salbiy»ga oʻzgartirdi. Agentlik bunga iqtisodiy oʻsishning sustligi, qarz olishning qimmatlashgani va yuqori taqchillikni sabab qilib koʻrsatdi.
Fitch Fransiyaning suveren reytingini A+ darajasida saqlab qoldi, biroq uning prognozini «salbiy»ga yomonlashtirdi. Agentlik bahosiga koʻra, mamlakat istiqbollari iqtisodiyotning sekinlashuvi, qarz olishning qimmatlashuvi va oʻtgan yil avgustidagi avvalgi prognozda kutilganidan kattaroq taqchillik sabab yomonlashgan.
Qaror Fransiya statistika instituti Insee yalpi ichki mahsulot uchinchi chorakda 0,1 foizga qisqargani haqidagi maʼlumotlarni eʼlon qilganidan keyin chiqarildi. Avvalgi chorakda iqtisodiyot oʻzgarmagan, birinchi chorakda esa pasaygan. Fitch davlat moliyasiga xavflarni davom etayotgan siyosiy parokandalik va ommaviy noroziliklarni oʻz ichiga olgan murakkab ijtimoiy vaziyat bilan ham bogʻladi. Agentlik fikricha, bularning barchasi taqchillikni izchil qisqartirishni qiyinlashtirmoqda.
Shu bilan birga, reytingni Fransiya iqtisodiyotining katta hajmi va diversifikatsiyalashgan tarkibi, mamlakatdagi farovonlik darajasining yuqoriligi, davlat institutlarining barqarorligi, yevrozonaga mansubligi hamda bank sektorining barqarorligi qoʻllab-quvvatlamoqda.
Fransiya hukumati 2027 yil uchun «masʼuliyatli» budjetni qabul qilishni rejalashtirmoqda. Iqtisodiyot va moliya vaziri Rolan Leskyur Fitch qarorini inobatga olganini va uni budjetni yil oxirigacha tasdiqlash zarurligining tasdigʻi deb bilishini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, hujjat davlat moliyasining barqarorligini tiklashi va taqchillikni 5 foizgacha qisqartirishi kerak. Vazirlik xalqaro noaniqlik sharoitida iqtisodiyot ishtirokchilariga koʻproq prognoz qilinuvchanlikni taʼminlash uchun budjet konsolidatsiyasi yoʻlini davom ettirmoqchi.
Avvalroq Leskyur YAIM haqidagi maʼlumotlarga izoh berar ekan, Fransiya iqtisodiyoti toʻxtab qolganini aytgandi. U budjet rejasi qabul qilinmasa, mamlakat jiddiy muammolarga duch kelishidan ogohlantirdi va taqchillikni 5 foiz yoki undan past darajada ushlab turish zarurligini bildirdi.
Budjetni oddiy ovoz berish orqali maʼqullash hamon noaniq: hukumat Milliy assambleyada koʻpchilikka ega emas, prezidentlik saylovlari esa yaqinlashmoqda. Fitch bahosiga koʻra, ovoz berishdan taxminan olti oy oldin oʻtkazilayotgan siyosiy munozaralar taqchillikni barqaror ravishda qisqartirish va davlat qarzini barqarorlashtirishga erishish mumkinligiga boʻlgan ishonchni sezilarli darajada oshirmadi.
Agentlik tahlilchilarining fikricha, hukumat parlament koʻpchiligiga ega boʻlmasa-da, budjetni Konstitutsiyada nazarda tutilgan mexanizmlar yordamida qabul qildirishga urinishi mumkin. Jarayon bloklangan taqdirda, Leskyur Konstitutsiyaning 49.3-moddasini qoʻllash ehtimolini istisno qilmadi. Ushbu modda parlament hukumatga nisbatan ishonchsizlik votumini qoʻllab-quvvatlamasa, qonun loyihasini ovoz berishsiz qabul qilish imkonini beradi.
Yana bir variant — ordinanslar, yaʼni ijro hokimiyati tomonidan maxsus tartibda choralar qabul qilinishi. Budjetni tasdiqlash uchun bu mexanizm Beshinchi Respublika tashkil etilganidan beri qoʻllanmagan. Fitch parlamentdagi jarayon boshi berk koʻchaga kirib qolsa, hukumat bunday vositalardan foydalanishi mumkin deb kutmoqda.
Parij-Dofin universiteti iqtisodiyot professori Jerom Matis ordinanslar orqali qabul qilingan budjet qisqa muddatda noaniqlikni kamaytirishi mumkin, biroq uzoq muddatda budjet siyosatiga boʻlgan ishonch muammosini hal qilmaydi, deb hisoblaydi. Uning bahosiga koʻra, bozorlar odatda bahsli qarorni qaror qabul qilinmay uzoq davom etishidan afzal koʻradi.
Biroq bunday budjet zaif, vaqtinchalik yoki prezidentlik saylovlaridan keyin qayta koʻrib chiqilishi mumkin deb topilsa, investorlar ishonchi uchun ijobiy taʼsir cheklangan boʻlishi mumkin. Bozorlarning bahosiga Fransiyaning siyosiy tizimi uzoq muddatga barqaror parlament koʻpchiligini shakllantirishga qodir emas degan qarash ham taʼsir qilishi mumkin.



