Alibaba chiplar sohasidagi Nvidia raqibi T-Headʼni birjaga olib chiqmoqchi
Kompaniya AQShning Xitoyga qoʻygan cheklovlari fonida sunʼiy intellekt uchun oʻz yarimoʻtkazgichlarini ishlab chiqarmoqda

T-Head aksiyalarini Gonkongda ommaviy joylashtirish hozircha reja boʻlib qolmoqda: Alibaba listing sanasi va taklifning taxminiy hajmini maʼlum qilmadi. Bitim uchun Gonkong birjasi va Xitoy Qimmatli qogʻozlarni tartibga solish komissiyasining maʼqullashi talab etiladi.
Kompaniya 11-sentabr kuni T-Head aksiyalarini joylashtirish boʻyicha maxfiy ariza topshirganini bildirdi. Chorshanba kuni ertalab Gonkongda savdo qilinayotgan Alibaba aksiyalari 1 foizga arzonladi. Yil boshidan beri ular taxminan 29 foizga pasaydi.
Sentabr oxirida Alibaba sunʼiy intellekt uchun Zhenwu V900 chipini taqdim etdi. Kompaniya bayonotiga koʻra, uning unumdorligi may oyida chiqarilgan avvalgi Zhenwu M890 modelinikidan uch baravar yuqori. AQShning Xitoyning chiplar olish imkoniyatlariga nisbatan cheklovlari kuchayib borayotgan bir paytda Alibaba Huawei qatori sunʼiy intellekt uchun oʻz yarimoʻtkazgichlarini ishlab chiqayotgan Xitoy kompaniyalari safiga kiradi.
Soʻnggi oylarda Xitoy moliyaviy regulyatorlari texnologiya kompaniyalarining IPOʻlari va ushbu sektorga kapital oqimi ustidan nazoratni kuchaytirdi. OAV xabarlariga koʻra, shu fonda Baidu sunʼiy intellekt chiplari boʻyicha boʻlinmasi Kunlunxinʼning listingini, xotira chiplarini ishlab chiqaruvchi Xitoy kompaniyasi YMTC esa oʻz aksiyalarini joylashtirishni kechiktirgan. Har ikki kompaniya izoh soʻrab yuborilgan murojaatlarga javob bermadi.





