Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Juma, 13-noyabr 2026-yilRUUZEN
MB kurslariUSD11 973.44▲ 9.17EUR13 282.14▼ 41.27RUB144.53▲ 0.04CNY1 795.58▲ 2.02KZT26.91▲ 0.03GBP15 891.15▼ 33.2913.11.2026 holatiga
Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Kriptovalyutalar

Binance maʼlumotlar sizib chiqishiga olib kelishi mumkin boʻlgan iOS zaifligi haqida ogohlantirmoqda

Muammo iOS 26.7.1, 27.0.1 va 27.2 versiyalarida aniqlangan

11-noyabr, 13:31

Binance iOSʼning 26.7.1, 27.0.1 va 27.2 versiyalaridagi muammo haqida ogohlantirdi. Uchinchi tomon ilovalari boshqa dasturlarning fayllariga kira oladi — ularda seed-frazalar, maxfiy kalitlar va tizimga kirish maʼlumotlari saqlangan boʻlishi mumkin. Kompaniya bu muammo faqat Binance ilovasidagi zaiflik emas, balki iOS darajasidagi muammo ekanini taʼkidladi.

Hozircha kriptovalyuta yoʻqotilgani haqida tasdiqlangan holatlar yoʻq. Foydalanuvchilarga tekshirilmagan manbalardan oʻrnatilgan ilovalarni, jumladan qoʻlda yuklab olingan IPA-fayllarni oʻchirish, shuningdek, iOS va qolgan dasturlarni eng soʻnggi rasmiy versiyalarigacha yangilash tavsiya etildi.

Agar komprometatsiya yuz bergan boʻlishi mumkinligiga shubha boʻlsa, Binance mablagʻlarni toza qurilmada yaratilgan yangi hamyonga oʻtkazishni va barcha faol kirish sessiyalarini yakunlashni tavsiya qildi.

Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media

Muammo ommaga oshkor qilingan iOSʼning worse_query nomli sandbox cheklovini chetlab oʻtish usuli bilan bogʻliq. Eʼlon qilingan WQ Files vositasi ushbu usuldan foydalanib, jailbreaksiz boshqa ilovalarning maʼlumotlarini koʻrish, eksport qilish, oʻzgartirish va oʻchirish imkonini beradi. Hujumni amalga oshirish uchun vositani iPhoneʼga, masalan, App Storeʼni chetlab oʻtib, tekshirilmagan manbadan olingan ilova orqali oʻrnatish kerak.

Apple 9 noyabr kuni toʻqqizta zaiflikni bartaraf etuvchi iOS 27.2.1, 26.7.3 va 18.7.12 xavfsizlik yangilanishlarini chiqardi. Ulardan biri — CVE-2026-113963 — ilovaga maxfiy maʼlumotlarga kirish imkonini bergan boʻlishi mumkin. Biroq hozircha ushbu yangilanish Binance ogohlantirgan muammoni aynan bartaraf etadimi yoki yoʻqmi, nomaʼlum.