Morgan Stanley S&P 500 boʻyicha maqsad koʻrsatkichini 8 700 punktgacha oshirdi
Bu juma kungi yopilish darajasidan taxminan 15 foizga oʻsishni anglatadi; strateglar foyda va sunʼiy intellektdan qoʻllab-quvvatlov kutmoqda

Bankning S&P 500 uchun yangi maqsadli koʻrsatkichi 8 700 punktni tashkil etadi. Bu baho aksiya boshiga prognoz qilinayotgan 458 dollar foyda hamda moliyaviy sharoitlar yumshashi bilan bozor baholanishi kengayishi haqidagi kutilmaga asoslangan.
Maykl Uilson boshchiligidagi strateglar soʻnggi korreksiyani keyingi oʻsish uchun zamin deb hisoblamoqda, biroq indeks yana pasayishi mumkinligini ham istisno qilmayapti. Ularning bahosiga koʻra, bozor oʻsishining asosiy manbai foydaning koʻpayishi boʻlib qoladi, marjaning kengayishidagi navbatdagi bosqich esa sunʼiy intellektni joriy etish hisobiga samaradorlikning oshishini taʼminlaydi.
Morgan Stanley indeksdagi kompaniyalarning sunʼiy intellektdan foydalanish natijasida kamida bitta oʻlchanadigan samara qayd etganlari ulushi 32 foizdan 44 foizgacha oshganini taʼkidladi. Shu bilan birga, kutilishicha, operatsion leverajning dastlabki taʼsiri tugab borishi va Federal zaxira tizimi kamroq ragʻbatlantiruvchi siyosatga oʻtishi bilan foyda oʻsish surʼatlari sekinlashadi.
Bank kuchli balansga va barqaror marjaga ega kompaniyalarning sifatli aksiyalarini afzal koʻrishda davom etmoqda. Sektorlar orasida sanoat yetakchi deb koʻrsatilgan; moliya sektori hamda kundalik ehtiyojga kirmaydigan isteʼmol tovarlari segmentidagi ayrim kompaniyalar aksiyalari ham jozibador koʻrinmoqda. Sunʼiy intellekt sohasida strateglar bulutli hisoblash xizmatlarining yirik yetkazib beruvchilarini ajratib koʻrsatmoqda, kichik va yirik kapitalizatsiyali kompaniyalar aksiyalariga nisbatan esa neytral pozitsiyani saqlab qolmoqda.





