Uzcard va Humo ham Apple Payʼga ulanadi
Markaziy bank bu yaqin vaqt ichida amalga oshishini tasdiqladi

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, Uzcard va Humo kartalarini integratsiya qilish hisobiga Apple Pay xizmatining funksional imkoniyatlari yaqin orada kengaytiriladi.
«Apple Payʼning Oʻzbekistonda ishga tushirilishi mamlakat toʻlov infratuzilmasini xalqaro raqamli toʻlov texnologiyalari bilan integratsiya qilish yoʻlidagi yana bir qadam boʻladi. Bundan tashqari, foydalanuvchilar xaridlar uchun qulay va zamonaviy toʻlovlarni amalga oshirish boʻyicha koʻproq imkoniyatlarga ega boʻladi», — deya taʼkidladi regulyator.
Birinchi bosqichda Appleʼning toʻlov tizimiga Visa va Mastercard xalqaro tizimlari kartalariga ega boʻlgan bir qator mahalliy banklar allaqachon ulangan.
Markaziy bankda taʼkidlanishicha, banklar va milliy toʻlov operatorlari infratuzilmasining texnik tayyorgarligiga qarab hamkor banklar hamda qoʻllab-quvvatlanadigan karta turlari roʻyxati kengayib boradi.




