Anthropic aksiyalarni donasini $70 dan sotishni rejalashtirdi, keyin esa xato qilganini bildirdi
Kompaniya birjaga qariyb 867 mln aksiya chiqarilishi koʻzda tutilgan hujjatni qaytarib oldi

Dastlabki, keyinchalik qaytarib olingan hujjatga koʻra, Anthropic qariyb 867 mln aksiyani $70–$80 narxda joylashtirishni rejalashtirgan. Shundan qariyb 843,3 mln aksiyani kompaniyaning oʻzi, yana 23,3 mln aksiyani esa amaldagi aksiyadorlar sotmoqchi boʻlgan. Narx diapazonining yuqori chegarasi hisobga olinganda, IPO kompaniyaga $69,3 mlrd mablagʻ keltirishi mumkin edi.
Keyin kompaniya xat tarqatib, unda narxlar haqidagi maʼlumotlar notoʻgʻri boʻlganini maʼlum qildi va yangilangan axborot taqdim etishga vaʼda berdi. Xatda aynan qaysi maʼlumotlarga tuzatish kiritish kerakligi aniqlashtirilmagan. Reuters buni boshqa manbalardan ham aniqlay olmadi.
IPO bilan bir vaqtda Anthropic aksiyalarni birlamchi taklif narxida xususiy joylashtirish orqali yana $26 mlrd jalb qilish boʻyicha kelishuvga erishdi. Google, Nvidia, AMD, Broadcom, Micron, Microsoft va TSMC kelishuvda ishtirok etishga rozi boʻldi. Bitim IPO yakunlanganidan darhol keyin yopilishi kerak edi.
Anthropic investorlar bilan uchrashuvlar turkumini boshlashi, aksiyalarni joylashtirishning yakuniy narxi esa keyingi haftada belgilanishi kutilgandi. Sunʼiy intellekt va maʼlumotlarni qayta ishlash markazlari sohalaridagi boshqa kompaniyalar foiz stavkalari oshayotgani va investorlar orasidagi skeptik kayfiyat sabab IPOni kechiktirmoqda yoki bekor qilmoqda.
Avvalroq investorlar Anthropic kompaniyasining qiymatini $2 trln gacha baholashni muhokama qilgandi. Endi kompaniya qiymatining yuqori chegarasi $1,5 trln deb baholanmoqda. Anthropic 2021 yilda OpenAIʼdan chiqqanlar tomonidan tashkil etilgan va Claude oilasiga mansub modellarni ishlab chiqadi. Google va Amazon kompaniya uchun hisoblash quvvatlarini taqdim etadi, shu bilan birga sunʼiy intellekt sohasida uning raqobatchilari boʻlib qolmoqda. Anthropic III chorakda qariyb $17 mlrd daromad oldi, uning hamkorlar oldidagi majburiyatlari esa qariyb $900 mlrdni tashkil etadi.





