Xorijiy moliya institutlarining Oʻzbekistonga ajratgan mablagʻi 4,7 baravarga qisqardi
III chorakda 108 mln dollar mablagʻ ajratilishi maʼqullandi, bir yil avval shu davrda esa bu koʻrsatkich 504 mln dollarni tashkil etgan

2026 yilning III choragida xalqaro moliya tashkilotlari Oʻzbekiston uchun 108 mln dollarlik moliyalashtirishni maʼqulladi. 2025 yilning shu davrida bu koʻrsatkich 504 mln dollar boʻlgan. Bu haqda Yevrosiyo taraqqiyot banki (YETB) sharhida maʼlum qilindi.
2026 yil yanvar–sentabr oylarida xalqaro moliya tashkilotlarining Oʻzbekistonga kiritgan investitsiyalari hajmi 840 mln dollarni tashkil etdi. Bir yil avval shu davrda 986 mln dollarlik mablagʻ ajratilishi maʼqullangan.
Eng yirik bitimlardan biri Asakabankka 60 mln dollar miqdorida moliyalashtirish ajratilishi boʻldi. Mablagʻni Xususiy sektorni rivojlantirish boʻyicha Islom korporatsiyasi (ICD) taqdim etdi. Yana bir yirik loyiha — Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YTTB) Davr Bankka soʻmda ajratgan, ekvivalenti 25 mln dollar boʻlgan krediti.
Oʻzbekiston, Armaniston va Gruziya xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan moliyalashtirish qisqargan Yevroosiyo mamlakatlari qatoridan joy oldi. Mintaqaning toʻqqiz mamlakatida III chorakda yangi loyihalarga jami qariyb 1,07 mlrd dollar yoʻnaltirildi — bu bir yil avvalgi koʻrsatkichdan 36 foizga kam. YETB pasayishni yirik bitimlar sonining kamayishi bilan izohladi.
Umumiy qisqarish fonida Qozogʻiston III chorakda moliyalashtirish hajmini 207 mln dollarga, Ozarbayjon 143 mln dollarga, Mongoliya esa 48 mln dollarga oshirdi. Toʻqqiz oy yakunlariga koʻra, mintaqa mamlakatlarini moliyalashtirishning umumiy hajmi 50 foizga oʻsib, 6,79 mlrd dollarga yetdi.
YETB tahlilchilari 2026 yilning IV choragida mintaqada investitsiya faolligi tiklanishini kutmoqda.





