Anthropic IPOsi Amazon va Google ulushlarini yuzlab milliard dollarga baholadi
Anthropicning birjaga chiqishi uning asoschilari va investorlariga tegishli paketlarning baholangan qiymatini keskin oshirdi. Business Insider joylashtirish narxi asosida hisoblaganiga koʻra, Amazon ulushi qariyb $225 mlrd, Google ulushi taxminan $200 mlrd, yetti nafar hammuassisning har biriga tegishli paket esa qariyb $20 mlrd turadi.

Anthropic aksiyalarni birlamchi ommaviy joylashtirish narxini $83 etib belgiladi — bu dastlabki $70–78 diapazonidan yuqori. Bunday narxda Claude ishlab chiquvchisining aksiyadorlik kapitali taxminan $1,5 trln deb baholandi.
Nasdaqʼdagi savdolar 19 noyabr kuni bir aksiya uchun $111,50 narxda boshlandi va $97,17 koʻrsatkichida yakunlandi — bu IPO narxidan taxminan 17% yuqori. Biroq Business Insider keltirgan eng yirik aksiyadorlar paketlari qiymati aynan $83 lik joylashtirish narxi asosida hisoblangan.
Asosiy foyda koʻruvchilardan biri Amazon boʻldi. Kompaniya Anthropicʼga 2023 yilda sarmoya kirita boshlagan va unga hisoblash quvvatlarini taqdim etadi. Nashr keltirgan hujjatlarga koʻra, Amazon Anthropic aksiyalarining qariyb 15 foiziga egalik qiladi — bu paketning qiymati taxminan $225 mlrd.
Amazon sarmoyalarining katta qismini konvertatsiya qilinadigan qarz instrumentlari orqali rasmiylashtirgan. Ularni aksiyalarga aylantirish ulushni 23,8 foizgacha oshirishi mumkin edi, biroq kompaniya egalik hajmiga doir amaldagi cheklovni saqlab qoldi. Shu sababli bu ehtimoliy koʻrsatkichni uning amaldagi ulushi deb hisoblab boʻlmaydi.
Google Anthropic aksiyalarining qariyb 13,7 foiziga egalik qiladi. Business Insider IPO narxi asosida bu paketni taxminan $200 mlrd deb baholaydi. Kompaniya IPOga hamroh boʻlgan xususiy joylashtirishda ham ishtirok etadi.
Anthropicning yetti nafar hammuassisi joylashtirish jarayonida aksiyalarining bir qismini sotganidan keyin jami qariyb 1,67 mlrd dona aksiyani saqlab qoldi. Gap Dario Amodei, Daniela Amodei, Tom Braun, Sem MakKendlis, Kristofer Olah, Jared Kaplan va Jek Klark haqida bormoqda. Nashr bahosiga koʻra, ularning har biriga tegishli paket taxminan $20 mlrd turadi.
Bu boylikning asosiy qismi aksiyalarda qolmoqda. Qimmatli qogʻozlarni sotishga vaqtinchalik cheklovlar amal qiladi, shuningdek, hammuassislarning har biri avvalroq Anthropicʼdagi oʻz ulushining 80 foizini xayriya ishlariga yoʻnaltirish majburiyatini olgan.
Vençur investorlar orasida Business Insider Lightspeed Venture Partnersʼni alohida qayd etadi. Nashr manbasiga koʻra, fond qariyb $3,5 mlrd sarmoya kiritgan va kompaniyaning 2 foizdan sal kam ulushiga egalik qiladi. Joylashtirish narxida uning paketi deyarli $30 mlrd deb baholanadi.
Business Insider suhbatdoshlari maʼlumotiga koʻra, Menlo Ventures $1,3 mlrddan koʻproq sarmoya kiritgan va aksiyalarning 1,5 foizidan 2 foizigacha boʻlgan ulushini olgan. Shunga yaqin ulush taxminan $6 mlrd sarmoya kiritgan Iconiqʼga tegishli. Singapurning davlat investitsiya jamgʻarmasi GIC taxminan $4,5 mlrd sarmoya kiritgan; qariyb 1 foiz hajmidagi uning paketi qiymati taxminan $15 mlrd deb baholanadi.
Boshqa yirik investorlar qatorida Coatue, Sound Ventures va Bessemer ham tilga olingan. Bessemerʼga qariyb 70 mln dona aksiya tegishli boʻlib, ularning $83 lik narxdagi qiymati taxminan $5,8 mlrdni tashkil etadi. Guy Osiri va Eshton Kutcher asos solgan Sound Ventures paketini nashr $7 mlrddan koʻproqqa baholaydi.
Anthropic IPOga hamroh boʻlgan xususiy joylashtirish orqali yangi strategik aksiyadorlarga ham ega boʻldi. Unda Google, Nvidia, AMD, Broadcom, Micron, Microsoft va TSMC ishtirok etmoqda. Bu kompaniyalar eʼlon qilgan sarmoyalarning jami hajmi $26 mlrdni tashkil etadi.
Keltirilgan summalar paketlarning baholangan qiymatini koʻrsatadi. Ular investorlar olgan foydaga teng emas: foydani aniqlash uchun dastlabki sarmoyalar, amalda amalga oshirilgan sotuvlar, cheklovlar va kotirovkalarning keyinchalik oʻzgarishini hisobga olish kerak.





