Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Shanba, 14-noyabr 2026-yilRUUZEN
MB kurslariUSD12 014.37▲ 40.93EUR13 280.68▼ 1.46RUB146.19▲ 1.66CNY1 800.90▲ 5.32KZT26.97▲ 0.06GBP15 899.82▲ 8.6714.11.2026 holatiga
UzStock13.11.2026
Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Bozorlar

Cisco sunʼiy intellekt infratuzilmasidan tushum prognozini 9 mlrd dollargacha oshirdi

Eng sezilarli oʻsish tarmoq uskunalaridan tushumda qayd etildi — 43 foiz; xavfsizlik yechimlaridan tushum esa 7 foizga oshdi

14-noyabr, 15:15

Yuqori texnologiyalar sohasida faoliyat yurituvchi dunyodagi eng yirik kompaniyalardan biri Cisco birinchi chorakda 18,5 mlrd dollar tushum olganini maʼlum qildi. Bu koʻrsatkich tahlilchilar kutganidan yuqori boʻldi. Kompaniya moliyaviy yil davomida sunʼiy intellekt infratuzilmasidan olinadigan tushum prognozini 9 mlrd dollargacha oshirdi.

Ciscoʻning 2027-moliyaviy yilning birinchi choragidagi tushumi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 24 foizga oshdi. Aksiyaga toʻgʻri keladigan tuzatilgan foyda 1,40 dollarni tashkil etdi, tahlilchilarning oʻrtacha prognozi esa 1,33 dollar edi. GAAP standarti boʻyicha sof foyda 4,6 mlrd dollarga, aksiyaga toʻgʻri keladigan foyda esa 1,14 dollarga yetdi.

Kompaniya natijalarni barcha hududlarda va mijozlarning turli toifalari orasida tarmoq texnologiyalariga talab yuqoriligi bilan izohladi. Eng sezilarli oʻsish tarmoq uskunalaridan tushumda qayd etildi — 43 foiz; xavfsizlik yechimlaridan tushum esa 7 foizga oshdi.

Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media

Cisco yirik bulutli kompaniyalar uchun sunʼiy intellekt infratuzilmasidan olinadigan tushum bahosini avvalgi moliyaviy yilga nisbatan ikki baravardan koʻproqqa oshirdi. Shu bilan birga, kompaniya 2027-moliyaviy yil uchun tuzatilgan foyda va tushum prognozlarini ham oshirdi.

Ikkinchi chorakda Cisco 18–18,2 mlrd dollar oraligʻida tushum va aksiyaga toʻgʻri keladigan 1,34–1,36 dollar miqdorida tuzatilgan foyda kutmoqda. Direktorlar kengashi, shuningdek, har bir oddiy aksiya uchun 0,42 dollardan choraklik dividend toʻlashni eʼlon qildi: toʻlovni 2027-yil 20-yanvarda, 4-yanvar holatiga roʻyxatdan oʻtgan aksiyadorlarga amalga oshirish rejalashtirilgan.