AQSh Kongressi qoʻmitasi Mercedes-Benzdan Xitoy bilan aloqalari haqida maʼlumot soʻradi
AQSh Vakillar palatasining Xitoy boʻyicha qoʻmitasi Mercedes-Benzga 1 dekabrgacha xitoylik aksiyadorlar, texnologiyalar va avtomobil detallari haqidagi qariyb 20 savolga javob berish muddatini berdi.

17 noyabrda soʻrovni qoʻmita raisi-respublikachi Jon Mulenaar va demokrat oʻrinbosari Ro Hanna yubordi. Ular Mercedes-Benz North America bosh direktori Jeyson Hoff bilan uchrashuv ham soʻradi.
Qonunchilar Pekinning strategik qarorlarga ehtimoliy taʼsiri, texnologiyalar almashinuvi, Xitoy tomonining kompaniya ishlanmalaridan foydalanishi va AQSh bozori avtomobillarida Xitoyda ishlab chiqarilgan detallar qoʻllanishi bilan qiziqmoqda. Mercedes-Benz bu haqdagi hujjatlar va elektron yozishmalarni saqlashi kerak.
Kompaniya xatni olganini tasdiqlab, hamkorlikka tayyorligini bildirdi. Mercedes-Benz direktorlar kengashi rahbarligida mustaqil ishlashi, aksiyadorlarning esa kengashda oʻrni va boshqaruv vakolati yoʻqligini aytdi.
Mercedes-Benzning qariyb 10 foizi Xitoy davlatiga qarashli Beijing Automotive Groupga, yana qariyb 10 foizi Geely raisi Li Shufuga shaxsiy ulushi orqali tegishli. Qoʻmita buni milliy xavfsizlik masalasi deb hisoblaydi.
Senat Savdo qoʻmitasi iyulda maʼqullagan qonun loyihasi xitoylik egalari ulushi 15 foizdan ortiq boʻlgan kompaniyalar avtomobillarini AQShda sotishni taqiqlaydi. Respublikachi senator Berni Moreno Mercedes-Benzga istisno berilishini kutmoqda; Volvo Cars ham shunday himoya olishi mumkin. Yakuniy qaror hali qabul qilinmagan.





