Angliyaning eng yirik banki HSBC Buy reytingiga ega 11 ta aksiyani atadi
Konsorsium AQSh fond bozorida kotirovkalar keskin pasayganidan soʻng qiziq boʻlishi mumkin boʻlgan aksiyalarni ajratib koʻrsatdi

HSBC Buy reytingiga ega boʻlgan va bankning fikricha, kotirovkalar keskin pasayganidan soʻng qiziq boʻlishi mumkin boʻlgan 11 ta aksiyani ajratib koʻrsatdi. Roʻyxatga Alphabet, Applied Materials, Baker Hughes, Bloom Energy, Citigroup, Freeport-McMoRan, GE Vernova, NextEra Energy, Oracle, Sempra va Vertiv kirdi.
HSBC strategisti Nikol Inui S&P 500 indeksi bir necha oydan beri cheklangan diapazonda savdo qilayotganini, biroq bozor ichida sezilarli rotatsiya yuz berganini taʼkidladi. Soʻnggi uch oyda sunʼiy intellekt bilan bogʻliq kompaniyalarga qiziqish susaygani fonida texnologik va sanoat aksiyalari 8–9 foizga arzonladi. Ayrim quyi tarmoqlar barqaror fundamental koʻrsatkichlarga qaramay, eng yuqori darajalaridan qariyb 20 foizga pasaydi.
Inuining baholashicha, haddan tashqari tuzatish, ayniqsa, ortiqcha sotilgan segmentlarda, jumladan yarimoʻtkazgichlar va kapital uskunalari ishlab chiqaruvchilari aksiyalarida yuz bergan boʻlishi mumkin. Shu bilan birga, isteʼmol uchun zarur tovarlar ishlab chiqarish va sogʻliqni saqlash kabi himoyalangan tarmoqlardagi kompaniyalar aksiyalari bir yillik maksimumlar yaqinida turibdi va keng bozorga nisbatan qariyb besh yillik maksimumlarga yaqin ustama bilan savdo qilmoqda.
HSBC tanlagan kompaniyalarning salmoqli qismi elektr energiyasi va maʼlumotlarni qayta ishlash markazlari infratuzilmasiga oʻsib borayotgan talab bilan bogʻliq. Bank mahalliy energiya taʼminoti uchun Bloom Energy texnologiyalarini, GE Vernovaʼning katta buyurtmalar portfelini, shuningdek, Vertivʼning maʼlumotlar markazlarini elektr bilan taʼminlash va sovitish uskunalarini qayd etdi.
Bundan tashqari, HSBC Alphabetʼning qidiruv va bulutli xizmatlarda sunʼiy intellektdan daromad olish salohiyatiga, Applied Materialsʼning ilgʻor chiplar va xotira segmentlaridagi ishtirokiga, Citigroup daromadliligining tiklanishiga, shuningdek, Freeport-McMoRanʼning mis va oltin narxlariga bogʻliqligiga eʼtibor qaratdi.





