Oʻzbekiston va Yaponiya soha uchun haydovchilar tayyorlashni muhokama qildi
Oʻzbekiston va Yaponiyaning Willer Express kompaniyasi Yaponiyada ishlash uchun haydovchilar tayyorlash va jamoat transportini rivojlantirishni muhokama qildi. Hamkorlikni davom ettirishga kelishildi.
Uchrashuvni transport vazirining birinchi oʻrinbosari Mamanbiy Omarov Willer Express prezidenti Koji Hirayama boshchiligidagi delegatsiya bilan oʻtkazdi. Tomonlar oʻzbekistonlik haydovchilarni tayyorlash va yapon metodikalari asosida amaliy koʻnikmalarini rivojlantirishni koʻrib chiqdi.
Oʻzbekistonlik haydovchilarni Yaponiyada ishlashga jalb etish imkoniyati ham muhokama qilindi. Buning uchun Yaponiya transport kompaniyalari talablari va standartlarini hisobga olgan holda oʻqitish variantlarini oʻrganish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, Oʻzbekistonda haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash dasturlarini yangilash, mutaxassislar tajribasini almashish hamda malaka oshirish boʻyicha qoʻshma kurslar masalalari koʻrib chiqildi.
Muzokaralarda Oʻzbekiston jamoat transportiga Yaponiya investitsiyalarini jalb etish imkoniyatlari, jumladan, zamonaviy avtobuslar yetkazib berish, infratuzilmani yangilash va yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish sifatini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Yakunida tomonlar haydovchilar va boshqa mutaxassislarni tayyorlash hamda malakasini oshirish boʻyicha hamkorlikni davom ettirish va kasbiy tajriba almashishga kelishdi. Ular qoʻshma loyihalarni ishlab chiqish ustida ishlashga tayyorligini bildirdi.





