Siemens Energy rekord yil yakunidan soʻng dividendlarni uch baravardan koʻproq oshirmoqchi
Oʻsishni, avvalo, Gas Services va Grid Technologies yoʻnalishlari taʼminladi

Germaniyaning Siemens Energy kompaniyasi chorshanba kuni 30-sentabrda yakunlangan 2026-moliya yili boʻyicha rekord natijalarni qayd etganini maʼlum qildi. Kompaniya avval oshirilgan maqsadli koʻrsatkichlarni bajargani yoki oshirib yuborganini bildirdi.
Taqqoslanadigan tushum 15,5 foizga oshib, $49,3 mlrdga (44,2 mlrd yevroga) yetdi. Oʻsishni, avvalo, Gas Services va Grid Technologies yoʻnalishlari taʼminladi: amaldagi obyektlarda ishlab chiqarish quvvatlarining kengaytirilishi ishlab chiqarish hajmiga allaqachon taʼsir koʻrsatdi. Har ikki boʻlinma ham oʻz tarixidagi eng yuqori choraklik tushum haqida xabar berdi.
Buyurtmalar 18,8 foizga koʻpaydi. Gas Servicesʼda buyurtmalar hajmi 45,9 foizga, Grid Technologiesʼda esa 14,5 foizga oshdi. AQShda butun guruh darajasidagi buyurtmalar 70,8 foizga keskin koʻpaydi. Buyurtmalarning tushumga nisbati 1,54 ni tashkil etdi, global buyurtmalar portfeli esa rekord darajadagi $183 mlrdga (164 mlrd yevroga) yetdi.
Kompaniyaning rentabelligi avvalgi yilga nisbatan ikki baravardan koʻproq oshib, 12,4 foizga yetdi. Siemens Energy uni 2030-yilgacha 20–22 foizga yetkazishni va oʻn yillik oxirigacha tushumni har yili 12–14 foizga oshirishni maqsad qilgan.
Siemens Gamesaʼning shamol turbinalari boʻlinmasi bir necha yil davom etgan zararlar va restrukturizatsiyalardan soʻng yil yakunida taxminan zararsizlik darajasiga chiqdi. Maxsus moddalarni hisobga olmagandagi foyda $9 mlnni (8 mln yevroni) tashkil etdi. 2025-moliya yilida esa bu koʻrsatkich $1,56 mlrd (1,4 mlrd yevro) zarar boʻlgan.
Kompaniya 2026-moliya yili uchun har bir aksiya boʻyicha $2,57 (2,30 yevro) miqdorida dividend taklif qiladi. Taqqoslash uchun, 2025-moliya yili uchun har bir aksiya boʻyicha $0,78 (0,70 yevro) toʻlangan.





