Oʻzbekistonda soʻmdagi hisob-kitoblar uchun yagona milliy svitch yaratilmoqda
Uning operatori Markaziy bank huzuridagi Bosh axborotlashtirish markazi boʻladi
Bu haqdagi hujjat 23-oktabr kuni Adliya vazirligida roʻyxatdan oʻtkazilgan va 2027-yil 25-yanvardan kuchga kiradi. Nizom Oʻzbekiston hududidagi naqdsiz toʻlovlarni qayta ishlash va kliringdan oʻtkazish uchun yagona markazlashtirilgan infratuzilmani joriy etadi. U orqali soʻmdagi bank kartalari va elektron hamyonlar bilan operatsiyalar amalga oshiriladi. Markaz uning ishlashi, rivojlantirilishi va kiberxavfsizligi uchun javob beradi.
Barcha banklar svitchga bevosita ulanishi mumkin. Toʻlov tashkilotlari, toʻlov tizimlari va elektron pul operatorlari ham toʻgʻridan-toʻgʻri ulanadi, biroq tranzaksiyalarni hisob-kitob banki orqali amalga oshiradi. Ishtirokchilar yetarli likvidlikni taʼminlashi, pul yuvishga qarshi kurashish talablariga rioya qilishi hamda toʻlov va shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilishi kerak.
Ulanish uchun Markaziy bankka ariza topshirish lozim. Tashkilot tekshirilganidan, shartnoma tuzilganidan va tizim sinovdan oʻtkazilganidan soʻng regulyator maʼqullash yoki rad etish haqida qaror qabul qiladi; arizani koʻrib chiqish 30 ish kunigacha davom etishi mumkin. Baholashda texnik tayyorgarlik, kiberxavfsizlik va xatarlarni boshqarish hisobga olinadi, tekshiruv mezonlari esa oldindan eʼlon qilinishi kerak.



