Tesla va SpaceX dekabrdayoq birlashishini eʼlon qilishi mumkin
Hal etilmagan masalalar qatorida Tesla investorlari oladigan SpaceX aksiyalari soni ham bor

Tesla va SpaceX birlashishni muhokama qilmoqda, ularning direktorlar kengashlari va maslahatchilari esa bitim shartlari hamda kelajakdagi kompaniya boshqaruvi tuzilmasini kelishib olmoqda. Hal etilmagan masalalar qatorida Tesla investorlari oladigan SpaceX aksiyalari soni ham bor. Muhokamalardan xabardor kishilarning aytishicha, kompaniyalar eʼlonni 2027 yil boshiga qoldirish variantini ham koʻrib chiqmoqda.
Asosiy toʻsiq boʻlib Teslaʼning Xitoydagi biznesi qolmoqda. Tomonlar kompaniyaning Xitoydagi yirik ishlab chiqarish faoliyatini SpaceXʼning AQSh hukumati va mudofaa sohasidagi shartnomalaridan qanday ajratish mumkinligini aniqlashi kerak. JPMorgan tahlilchisi Rajat Gupta avvalroq bitimni tartibga soluvchi organlar va aksiyadorlar tomonidan maʼqullash nuqtai nazaridan bu yoʻnalishlarni bir-biriga zid deb atagan.
AQShdagi siyosiy nazorat qoʻshimcha savollarni yuzaga keltirishi mumkin. Noyabrdagi saylovlarda Kongressda koʻpchilikni qoʻlga kiritgan demokratlar Ilon Maskning biznes va siyosiy faoliyatini tekshirishga vaʼda bergan. Bu Pentagonning uchirishlar va sunʼiy yoʻldoshlar sohasidagi muhim pudratchilaridan biri ishtirokidagi birlashmaga eʼtiborni kuchaytirishi mumkin.
Kompaniyalar rasmiy ravishda birlashuvni 20 oktabr kuni oʻrgana boshladi — oʻshanda Mask direktorlar kengashlari huzurida mustaqil maxsus qoʻmitalar tuzilishini maʼlum qilgan. Uning oʻzi manfaatlar toʻqnashuvi sababli jarayonda qatnashmasligini aytgan. Bitimni maʼqullash uchun Tesla barcha chiqarilgan aksiyalarning yarmiga egalik qiluvchi aksiyadorlarning qoʻllab-quvvatlashini olishi kerak.
SpaceXʼning iyun oyidagi IPOsidan soʻng uning bozor qiymati taxminan 1,9 trln dollarga yetdi, Tesla esa 1,55 trln dollarga baholanmoqda. Bunday koʻlamda birlashuv tarixdagi eng yirik korporativ bitimga aylangan boʻlardi. Har ikki kompaniya bir qator loyihalarda, jumladan Texasda Terafab yarimoʻtkazgichlarini ishlab chiqarishda hamkorlik qilmoqda.





