Xitoyda yangi energiya avtomobillari savdosi 13 foizga kamaydi, biroq ular bozorning 73,2 foizini egalladi
1–15 noyabr kunlari Xitoyda 447 mingta yangi energiya avtomobili sotildi — bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 13 foizga kam. Shu bilan birga, oktabrning birinchi yarmiga nisbatan savdo 7 foizga oshdi, bunday avtomobillarning yengil avtomobillar bozoridagi ulushi esa 73,2 foizga yetdi.

Xitoy yoʻlovchi avtomobillari assotsiatsiyasi (CPCA) maʼlumotlariga koʻra, yangi energiya avtomobillarining ulgurji yetkazib berilishi yillik hisobda 3 foizga oshib, 592 mingtagacha yetdi.
Assotsiatsiya qayd etishicha, avtomobil ishlab chiqaruvchilar yillik savdo rejalarini bajarishga intilib, yangi modellarni ishlab chiqarishni tezlashtirmoqda. Biroq avtomobillarning bir qismi dilerlarda qolib ketmoqda: ular aylanma mablagʻlar taqchilligi va zaxiralarning koʻpayishi muammosiga duch kelmoqda. Ulgurji yetkazib berish bilan chakana savdo oʻrtasidagi tafovut xaridorlar talabi sust ekanini koʻrsatadi.
Yaqin vaqtda bozorga Guanchjou avtosalonida yangi modellar taqdim etilishi hamda yil oxirida trade-in dasturi boʻyicha subsidiyalar amal qilish muddati tugashidan oldin avtomobillarni almashtirishga boʻlgan talab taʼsir koʻrsatishi mumkin.





