Oʻzbekistonda Google Pay ishga tushirildi
Bu haqda bugun Samarqandda Google Cloud vakili Martsin Krasuski maʼlum qildi

Oʻzbekistonda kontaktsiz toʻlov xizmati — Google Payʼning rasmiy ishga tushirilishi boʻlib oʻtdi. Toʻlov tizimi taqdim etilgani haqida Google kompaniyasining Google Cloud yoʻnalishi vakili Martsin Krasuski Samarqandda «Raqamli texnologiyalar» mavzusidagi panel sessiyasida soʻzlagan nutqi chogʻida maʼlum qildi. Sessiya AQSh va Markaziy Osiyo davlatlari diplomatlari hamda biznes vakillari ishtirokidagi «C5+1» formatidagi diplomatik va biznes-forum doirasida tashkil etilgan.
Xalqaro infratuzilmaning joriy etilishi kompleks texnik va meʼyoriy tayyorgarlik natijasi boʻldi. Avvalroq Oʻzbekiston Markaziy banki tijorat moliya institutlari hamda Humo va Uzcard milliy operatorlari ishtirokida kartalarni tokenizatsiya qilish boʻyicha keng koʻlamli ishlarni amalga oshirdi. Regulyatorning maqsadi Visa va Mastercard global tizimlari kartalari bilan bir qatorda mahalliy toʻlov yechimlarini ham qoʻllab-quvvatlaydigan universal muhitni yaratishdan iborat edi.


