Osiyo aksiyalari Nvidia hisobotini, shuningdek, Anthropic listingini kutish fonida pasaymoqda
Yevropa savdolari boshlanishidan oldin Tokio, Seul va Taypey bozorlarida pasayish kuzatildi. Bu shaharlarda sunʼiy intellekt bilan bogʻliq koʻplab kompaniyalar jamlangan

Boshqalarga qaraganda Kioxia, Tokyo Electron, TSMC va SK hynix aksiyalari koʻproq arzonlashdi. Shanxay, Sidney, Singapur, Manila va Jakartadagi savdo maydonlarida ham pasayish kuzatildi.
Xatarlarni qayta baholashga Nvidia rahbari Jensen Huangning shaxsiy aloqalari, jumladan, Xitoy uchun ishlayotgani gumon qilinayotgan ayol bilan munosabatlari haqidagi xabarlar ortidan isteʼfoga chiqishi sabab boʻldi. Kompaniyadagi asosiy shaxsning ketishi sunʼiy intellekt sektorining kengayishida markaziy rol oʻynayotgan chip ishlab chiqaruvchisi bilan bogʻliq xavotirlarni kuchaytirdi.
Keyinroq Huangning lavozimiga qaytishi mumkinligi haqida xabarlar paydo boʻldi. Ilon Mask va Uber hammuassisi Trevis Kalanikni ham oʻz ichiga olgan 158 000 dan ortiq kishi mustaqil tekshiruv davomida uni qaytarishni talab qilgan ochiq maktubni imzoladi. Pepperstone kompaniyasidan Kris Uestonning baholashicha, hatto Huangning qaytishi ham korporativ boshqaruvga qoʻyiladigan yanada qatʼiy talablar hamda yangi siyosiy yoki tartibga solish cheklovlari xavfini bartaraf etmaydi.
Investorlar Nvidia kompaniyasining sunʼiy intellekt kompaniyalari aksiyalari uchun yangi yoʻnalishlar berishi kutilayotgan hisobotini eʼlon qilishini kutmoqda. Anthropicning boʻlajak IPOʻsi bozorning sunʼiy intellekt ishlab chiquvchilariga qiziqishini baholash imkonini beradi. Shuningdek, APEC sammitida Si Szinpin, Donald Tramp va Vladimir Putinning uchrashuviga, AQShdagi chakana savdo maʼlumotlariga hamda Federal zaxira tizimining oktabrdagi yigʻilishi bayonnomasiga eʼtibor qaratilmoqda.





