Oʻzbekistonda iqtisodiyotni 2030 yilgacha 300 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda
Buning uchun rasmiylar 450 mlrd dollar investitsiya jalb etish va 2 mln ish oʻrni yaratishni rejalashtirmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 10 noyabrdagi farmonida Oʻzbekiston iqtisodiyotini 2030 yilgacha 300 mlrd dollarga yetkazish koʻzda tutilgan. Hujjat mamlakatni yaqin yillarda rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilaydi va yettita milliy dasturni oʻz ichiga oladi.
Ulardan biri iqtisodiyotni yuqori texnologiyalar hamda mehnat unumdorligini oshirish asosida rivojlantirishga qaratiladi. 2027 yil martigacha Iqtisodiyot va moliya vazirligi boshqa idoralar bilan birgalikda belgilangan maqsadlarga erishishning aniq mexanizmlarini nazarda tutuvchi prezident qarori loyihasini tayyorlashi kerak.
Hujjatda «Iqtisodiy oʻsishning yangi modeliga va sanoat siyosatiga oʻtish» dasturi koʻzda tutilishi kerak. Uning vazifalari qatorida iqtisodiyotning yuqori oʻsish surʼatlarini saqlab qolish va barqaror ish oʻrinlarini yaratish belgilangan.
Rasmiylar oltita asosiy yoʻnalish boʻyicha tarkibiy islohotlarni davom ettirishni va iqtisodiyotning kamida sakkizta tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha amaliy choralarni belgilashni rejalashtirmoqda. Hukumat 2030 yilgacha YAIMni 300 mlrd dollarga yetkazishning yillik oʻsish trayektoriyasini belgilashi, shuningdek, keyingi oʻn yil ichida aholi jon boshiga YAIMni 10 ming dollardan oshirishi kerak.
Koʻrsatkichlarni ishlab chiqishda ayrim tarmoqlar va hududlarning hissasi, istiqbolli oʻsish yoʻnalishlari, investitsiya manbalari hamda loyihalarni amalga oshirish mexanizmlari hisoblab chiqilishi kerak. Xususiy sektor va raqobatga toʻsqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etish, shuningdek, xizmatlar sohasi va zamonaviy infratuzilmada oʻsishning yangi drayverlarini izlashga alohida eʼtibor qaratish rejalashtirilmoqda.
Eksportni oshirish uchun rasmiylar logistika, sertifikatlash, kompaniyalarning tashqi bozorlarga chiqishi va boshqa cheklovlar bilan bogʻliq muammolarni aniqlash hamda bartaraf etish niyatida.
Bundan tashqari, rasmiylar yaqin oʻn yil ichida 450 mlrd dollar xorijiy investitsiya jalb etishni rejalashtirmoqda. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga 2027 yil iyunigacha zamonaviy texnologiyalar va yuqori daromad keltiradigan loyihalarga urgʻu berilgan kapital jalb qilishning yangi strategiyasini ishlab chiqish topshirilgan.
Investitsiyalarning maqsadli hajmi yillar, tarmoqlar va hududlar boʻyicha taqsimlanishi kerak. 2027–2030 yillar uchun aniq koʻrsatkichlar, keyingi davr uchun esa prognoz parametrlarini belgilash rejalashtirilmoqda.
Investitsiya portfelini har yili shakllantirish va yangilab borish rejalashtirilgan. Umumiy investitsiyalar hajmida xususiy va xorijiy investitsiyalarning ulushi 80 foizgacha oshirilishi kerak.
Asosiy yoʻnalishlar qatoriga xalqaro brendlarni jalb etish, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish, yashil energetika va infratuzilmani rivojlantirish, shuningdek, davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish kiritilgan.
Har bir yirik loyiha uchun alohida pasport tayyorlash rejalashtirilmoqda. Unda investor haqidagi maʼlumotlar, loyiha qiymati, moliyalashtirish manbalari, amalga oshirish muddatlari, infratuzilmaga ehtiyoj, kutilayotgan eksport va yangi ish oʻrinlari soni koʻrsatiladi.
Shuningdek, rasmiylar investitsiya loyihalarini amalga oshirish tartib-taomillarini soddalashtirish va investorlarning oʻz majburiyatlarini bajarishi ustidan nazoratni kuchaytirish niyatida.
Yana bir maqsad — 2030 yilgacha sanoatda 2 mln yuqori daromadli ish oʻrni yaratish. Hukumat bunday ish oʻrinlari mezonlarini tasdiqlashi, ularning 2026 yil 1 oktyabr holatidagi sonini aniqlashi hamda yangi maqsadli koʻrsatkichlarni yillar, hududlar va tarmoqlar boʻyicha taqsimlashi kerak.
Vazifani bajarish uchun dual taʼlimni rivojlantirish va sanoat korxonalarining ehtiyojlarini hisobga olgan holda mutaxassislar tayyorlash koʻzda tutilgan. Bundan tashqari, ishlab chiqarish zonalari zarur infratuzilma bilan taʼminlanishi, investitsiyalar esa qoʻshilgan qiymati yuqori boʻlgan tarmoqlarga yoʻnaltirilishi kerak.
Bandlik boʻyicha rejalar bajarilishini mehnat, soliq va boshqa rasmiy hisobotlar maʼlumotlari asosida kuzatib borish rejalashtirilmoqda.
Oʻzbekiston YAIMini 2030 yilgacha 300 mlrd dollarga yetkazish maqsadini prezident ilk bor 28 avgust kuni mamlakat mustaqilligining 35 yilligiga bagʻishlangan marosimda eʼlon qilgan. 10 noyabrdagi farmon ushbu moʻljalni milliy dasturda mustahkamladi va hukumatga unga erishishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish vazifasini yukladi.





