Ilon Mask va boshqa rahbarlar Huangni Nvidiaʼga qaytarishni talab qilmoqda
Petitsiyadagi imzolar soni 172 mingdan oshdi

Petitsiya 172 mingdan ortiq imzo toʻpladi. Imzo qoʻyganlar orasida Nvidiaʼning qariyb 6 ming nafar amaldagi xodimi, 1,1 mingdan ortiq sobiq xodimi va kompaniyaning 63 mingdan ziyod aksiyadori bor.
Murojaat mualliflarining fikricha, Huang tegishli huquqiy tartib-taomilga rioya qilinmagan holda lavozimidan chetlatilgan. Ular direktorlar kengashini mustaqil tekshiruv yakunlanguniga qadar uni lavozimiga qaytarishga va jamoatchilikka koʻproq maʼlumot oshkor qilishga chaqirdi. «Jensen olomonning oʻzboshimcha sudiga emas, tegishli sud muhokamasiga loyiq», — deyiladi petitsiyada.
Imzo qoʻyganlar orasida Replit bosh direktori Amjad Masad va Y Combinator rahbari Garri Tan ham bor. Ilon Mask va Tim Sweeney avvalroq Huangni qaytarish talabini qoʻllab-quvvatlagan.
Shu yil noyabrining birinchi yarmida Huang Nvidia prezidenti, bosh direktori va direktorlar kengashi aʼzosi lavozimlaridan chetlatildi. Bu uning AQSh rasmiylari josuslikda gumon qilgan Singapurdagi Megaspeed kompaniyasi rahbari Elis Huang bilan romantik munosabatlari haqidagi xabarlardan keyin yuz berdi. Keyinroq Huang u bilan romantik aloqasi boʻlganini tan oldi.
Nvidia bosh direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib kompaniyaning vitse-prezidenti va moliya direktori Kolet Kress tayinlandi. Direktorlar kengashi bu lavozimga doimiy rahbar sifatida Arm rahbari Rene Haasni yollashni rejalashtirmoqda.
Financial Times maʼlumotlariga koʻra, Huang ishonchli kishilari bilan ehtimoliy qaytishini muhokama qilgan. Uning tarafdorlari bu qarorni ilgari surish va Oq uy koʻmagini olish uchun Silikon vodiysi kompaniyalari rahbarlaridan iborat «tezkor shtab» tuzmoqda.
AQSh moliya vaziri Skott Bessent Nvidia yangi rahbarni kompaniya tashqarisidan izlashi kerak, deb hisoblaydi. Shuningdek, u Nvidiaʼni ilgʻor sunʼiy intellekt chiplarining Xitoyga yetib borishiga kompaniya bila turib yoʻl qoʻygan-qoʻymaganini tushuntirishga chaqirdi.





